Ilg‘or tajriba asosida zamonaviy issiqxona tashkil etiladi
2026-10-20 20:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda viloyat delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amaliy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi, xususan, viloyatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda zamonaviy issiqxona majmuasini tashkil etish loyihasini amaliy bosqichga olib chiqish masalalari haqida so‘z bordi.
Kompaniya vakillari havo, geotermal va suv issiqligidan foydalanuvchi zamonaviy texnologiyalar joriy etish orqali qish mavsumida tabiiy gaz va ko‘mir iste’molini kamaytirish, energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash hamda hosildorlikni oshirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdilar.
Viloyat hokimi qishloq xo‘jaligida ilg‘or va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish dolzarb vazifalardan biri ekanini ta’kidlab, tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv davomida Dang‘ara tumanida loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini joyida o‘rganish, aniq reja ishlab chiqish va hamkorlikni izchil davom ettirish chora-tadbirlari kelishib olindi.


