Marg‘ilondagi “Zuhro” mahallasi eng obod va ko‘rkam maskanga aylandi
2026-10-20 13:10:00 / Yangiliklar

Yangi qiyofa kasb etgan mahallada tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining hududiy bo‘limlari rahbarlari, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik vakillari hamda mahalla ahli ishtirok etdi.
Dastlab mahallada amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishildi.
Marg‘ilon shahri mahallalarida faoliyat yuritayotgan hunarmand va tadbirkorlar mahsulotlari ko‘rgazmasi ko‘zdan kechirildi. Mahalla hududidagi viloyat futbol maktabiga qarashli “Mehnat” o‘yingohi ham to‘liq ta’mirlanib, yosh futbolchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Viloyat hokimi avval qarovsiz holda bo‘lgan o‘yingohda qisqa fursatda bajarilgan ishlarni e’tirof etib, bu yerda kelgusida nomdor klublarda to‘p suradigan iqtidorli futbolchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi. Yosh futbolchilarga sovg‘alar topshirilib, “Mehnat” va “Atlaschi” jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuviga start berildi.
Mahallada bo‘lib o‘tgan tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Prezidentimiz tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash ekanini ta’kidladi. Obodlik mahalladan boshlanishi, islohotlar samarasini har bir inson o‘z kundalik hayotida his etishi muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida og‘ir toifadagi mahallalarni namunaviy hududlarga aylantirish borasida olib borilayotgan ishlar, xususan, “Zuhro”dagi yangilanishlar buning amaliy ifodasi ekani ta’kidlandi. Mahalladagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga mahalliy budjet hamda homiylar hisobidan jami 12 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Mutasaddilar, homiylar va mahalla ahlining hamjihatligi natijasida hudud qiyofasi tubdan o‘zgardi. Amalga oshirilgan ishlar doirasida ko‘chalar asfaltlandi, tungi yoritish tizimi o‘rnatildi. Piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘laklar, sog‘lomlashtirish xiyobonlari barpo etildi. Yashil maydonlarni sug‘orish uchun quduq qazilib, 6,5 kilometr sug‘orish tarmog‘i tortildi, 1,6 kilometr ariq betonlandi. Hududga 1100 dan ortiq manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. Ko‘p qavatli uylarning tashqi qismi ta’mirlanib, tutash hududlari obodonlashtirildi. Uchta bolalar o‘yin va sport maydonchasi, chiqindi to‘plash shoxobchasi barpo etildi. Yangi Nuroniylar maskani, kitobxonlik kafesi va kutubxona aholi ixtiyoriga topshirildi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi ta’mirlanib, “mahalla yettiligi”ning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Hunarmandchilik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yuz nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi. Markaziy ko‘chalarda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushirildi. Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida renovatsiya dasturi doirasida eskirgan oltita uy o‘rnida 96 xonadondan iborat to‘qqiz qavatli turar joy qurilishi boshlandi.
Tadbirda bu yerda amalga oshirilgan ezgu ishlarga hissa qo‘shganlarga minnatdorchilik bildirildi.
“Zuhro” mahallasidagi tajribani viloyatning barcha shahar va tumanlarida ommalashtirish, mahallalarni obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish vazifasi belgilandi.
Nuroniylar mahallada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.
San’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari tadbirga zavqu shavq ulashdi.









