Yangi korxonada elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqariladi
2026-10-19 18:20:00 / Yangiliklar
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun Ekoshaharda Janubiy Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi bilan tanishdi.

Kompaniya mazkur loyihaga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Yangi korxonada ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektromobillarni quvvatlash qurilmalari, tibbiy jihozlar hamda boshqa turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish asosida ishlab chiqariladi.
Ayni paytda korxonada qurilish ishlari yakunlanib, texnologik uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Kompaniya rahbari Ku Gi Do qurilish-montaj ishlari yakuniy bosqichda ekanini, korxonani joriy yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

