“Hansae Mobility”: Farg‘onada yangi korxona ish boshladi
2026-10-13 15:45:00 / Yangiliklar

Tantanali marosimda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev, “Hansae Mobility” kompaniyasi raisining o‘rinbosari Kim Ik Xvan, “Hansae Mobility Turan” korxonasi ijrochi direktori Jong Day Von, “O‘zavtosanoat” AJ raisining o‘rinbosari Davron Hidoyatov hamda ikki davlatning soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur loyihaning ahamiyati, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, yangi korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasidagi rejalariga to‘xtalib o‘tdilar. Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va sanoatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida ta’kidlandi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishda ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak va hamkorlik uchun viloyat hokimiga minnatdorlik bildirildi.
Qiymati 30 million dollarni tashkil etuvchi mazkur investitsiya loyihasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biri hisoblanadi.
Ayni paytda korxonada 100 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 140 taga, kelgusida esa 250 taga yetkazish rejalashtirilgan. Korxonada buyurtmalar asosida mahsulot yetkazib berish boshlangan bo‘lib, ayni vaqtda yangi shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Kelgusida korxona atrofida qo‘shimcha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbir davomida kompaniyaning tashkil topishi, rivojlanish bosqichlari, bugungi faoliyati va istiqboldagi rejalari haqida videorolik namoyish etildi.
Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, mehmonlar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.









