Farg‘onaning investitsiyaviy imkoniyatlari Saudiya ishbilarmonlari e’tiborida
2026-10-12 16:50:00 / Yangiliklar

Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi doirasida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Ar-Riyod shahrida joylashgan “Najd Gateway Holding” (Najd Gate) xususiy investitsiya guruhi raisi, shahzoda Mansur bin Muhammad bin Sa’d Ol Saud bilan uchrashdi.
“Najd Gateway Holding” qishloq xo‘jaligi va chorvachilik, zamonaviy texnologiyalar, bank-moliya, qurilish, energetika hamda ko‘chmas mulk sohalarida faoliyat yurituvchi yirik investitsiya guruhlaridan biridir. Guruh Saudiya Arabistoni bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlarda ham turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Uning tarkibidagi “Najd Gateway Agricultural Company” qishloq xo‘jaligi va chorvachilik yo‘nalishlaridagi investitsiya tashabbuslarini rivojlantirishga ixtisoslashgan.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda viloyat rahbari Farg‘onaning boy iqtisodiy salohiyati, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlaridagi imkoniyatlari, investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va qulayliklar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, chorvachilikni rivojlantirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatining mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda, Saudiya investitsiyalarini jalb etish va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.






