Farg‘onada Saudiya kompaniyasi bilan hamkorlikda 800 o‘rinli zamonaviy shifoxona qurilishi bo‘yicha muhim bosqich boshlanmoqda
2026-10-12 11:50:00 / Yangiliklar

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi doirasida “Vision Invest” investitsiya xoldingining operatsion faoliyat bo‘yicha bosh direktori Juma Solih Al-Araymiy bilan uchrashdi.
Muloqotda Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladigan 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona loyihasining bugungi holati, qurilish ishlariga tayyorgarlik jarayonlari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Mazkur loyiha Farg‘ona tibbiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Yangi shifoxona hududdagi mavjud beshta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi filiallarini yagona majmuaga birlashtirib, yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi. Loyihaning umumiy investitsiyaviy qiymati qariyb 300 million AQSH dollarini tashkil qiladi.
Kelgusida ushbu muassasa nafaqat Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari aholisi, balki qo‘shni respublikalar fuqarolariga ham murakkab yo‘nalishlarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik mintaqaviy markazga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaning yana bir muhim jihati — shifoxona negizida tibbiy ta’lim, ilm-fan va amaliyotni o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi “Fergana Plus” zamonaviy tibbiy ta’lim klasterini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu Farg‘onada malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, ilmiy izlanishlarni rivojlantirish va ilg‘or davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, hududlararo investitsiyaviy aloqalar amaliy loyihalar bilan mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Viloyat hokimi “Vision Invest” kompaniyasining Farg‘onaga investitsiya kiritib, aholi salomatligi uchun muhim bo‘lgan yirik loyihani amalga oshirayotganini yuqori baholadi. Shuningdek, kompaniya bilan hamkorlikda boshqa loyihalar bo‘yicha ham ishlar boshlanayotgani o‘zaro sheriklikning yana bir muhim qadami ekani qayd etildi.
Ayniqsa, joriy yilning dekabr oyida 800 o‘rinli shifoxonaning tamal toshini qo‘yish marosimi rejalashtirilgani mamnuniyat bilan tilga olindi.
Muzokaralar yakunida loyihani belgilangan reja asosida amalga oshirish, tashkiliy va amaliy masalalarni hamkorlikda hal etish hamda investitsiyaviy loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot o‘rnida: “Vision Invest” kompaniyasi 2002-yilda “Al Muhaidib Group” va “Abunayyan Holding” qo‘shma korxonasi sifatida tashkil etilgan.
Kompaniya energetika, suv ta’minoti, kommunal xizmatlar, qurilish, infratuzilma va transport sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshiradi.
“Vision Invest” bir nechta davlatlardagi yirik kompaniyalar portfelini o‘z ichiga oladi. Jumladan, Saudiya Arabistonidagi “ACWA Power”, “Saudi Tabreed” va “Miahona” kabi yirik korporatsiyalarning boshqaruvida ishtirok etadi.






