Farg‘onaning AI startapi xalqaro mukofotni qo‘lga kiritdi
2026-10-07 13:25:00 / Yangiliklar
5–7-oktabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida nufuzli «ASOCIO Digital & AI Awards 2026» tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo–Okeaniya mintaqasining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

E’tiborlisi, anjumanda farg‘onalik dasturchi Muhammadqodir Abduvoitov tomonidan yaratilgan «Braille Recognition» startapi yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Loyiha Osiyo–Okeaniya kompyuter sanoati tashkiloti (ASOCIO) tomonidan ta’sis etilgan «AI for Public Good» — «Jamiyat manfaati uchun sun’iy intellekt» nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. Mukofotni startap asoschisi Muhammadqodir Abduvoitov tantanali marosimda qabul qilib oldi.
«Braille Recognition» — smartfon kamerasi orqali Brayl yozuvini tanib, uni oddiy matnga aylantiruvchi mobil ilova. Loyiha ko‘zi ojiz insonlar, ularning yaqinlari hamda ta’lim sohasi vakillari uchun qulay imkoniyat yaratadi.
