O‘zbekiston va Rossiya hududlari Kengashining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-10-06 19:25:00 / Yangiliklar

Nufuzli tadbirda ikki mamlakat hukumatlari vakillari, hududlar rahbarlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ishbilarmon doiralar hamda boshqa rasmiy delegatsiyalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kengash ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov esa Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini yetkazdi.
Yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va ishonchli muloqoti tufayli O‘zbekiston–Rossiya munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilikning yuksak darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Ayni paytda viloyatda Rossiya kapitali ishtirokidagi 114 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda Rossiya bilan tovar aylanmasi 809 million dollarga yetgan, Farg‘ona mahsulotlarining Rossiya bozoriga eksporti qariyb 40 foizga oshgan. Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy jozibadorligi xalqaro reytinglar bilan ham e’tirof etilmoqda. Viloyat ikki yetakchi xalqaro reyting agentligi — “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” tomonidan baholangan bo‘lib, bu natija hududning moliyaviy barqarorligi va investitsiyaviy ishonchini ifodalaydi.
Xayrullo Bozorov hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini shakllantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida Farg‘onada qo‘shma maydon tashkil etish, O‘zbekiston va Rossiya hududlarini bog‘lovchi agrologistika markazlari tarmog‘ini rivojlantirish taklif qilindi.
Shuningdek, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida yangi turistik dasturlarni yo‘lga qo‘yish, madaniy-gumanitar va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish tashabbuslari bildirildi.
Kelgusi yili Rossiyada Farg‘ona viloyati va mamlakatimizning boshqa hududlari ishtirokida O‘zbekiston kunlarini o‘tkazish taklif etildi. Viloyat hokimi har bir yirik hududlararo kelishuv bo‘yicha aniq loyihalar, mas’ullar, muddatlar va natijalar belgilangan qo‘shma “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Farg‘ona viloyati Rossiya hududlari va investorlari bilan sanoat, investitsiya, texnologiya, turizm, ta’lim va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekani bildirildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar tomonidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida hududlararo hamkorlik muhim o‘rin tutishi, uni yanada kengaytirish ikki mamlakat uchun ham yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Kengash doirasida hududlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hududlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni aniq amaliy loyihalarga aylantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida hamkorlikka oid hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko tomonidan sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv almashildi.









