Farg‘ona axborot texnologiyalari sohasida yirik xabga aylanmoqda
2026-10-06 19:00:00 / Yangiliklar

Mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamrohlik qildi.
Davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida barpo etilgan, qiymati 150 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan majmuada bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchi faoliyat olib borishi mumkin. Bu yerda yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish hamda IT xizmatlari ko‘rsatish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Markazda frilanser va dasturchilar uchun kovorking maydonlari, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Ta’lim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarining o‘zaro uyg‘unlashgani yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va barqaror daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Tashrif davomida Farg‘ona viloyatida axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, IT kompaniyalarning faoliyati va istiqbolli loyihalari taqdim etildi.
Xususan, “UZINFOCOM” Yagona integratori tomonidan davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot tizimlari va elektron xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Apple kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “iOS Development Center”da yoshlarni mobil ilovalar va zamonaviy dasturiy mahsulotlar yaratishga o‘qitish, ularga xalqaro standartlarga mos bilim va ko‘nikmalar berish jarayoni bilan tanishildi.
Shuningdek, “Megagroup” kompaniyasining dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorlarga, jumladan, Rossiya Federatsiyasiga eksport qilish borasidagi faoliyati taqdimot qilindi.
IT Park Universityning amaliy IT ta’limiga asoslangan o‘quv dasturlari, mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan ta’lim yo‘nalishlari haqida ham ma’lumot berildi.
Tashrif davomida “MUHANDISONA” MCHJ jamoasi faoliyati ham namoyish etildi. Jahongirmirzo Ibrohimov boshchiligidagi jamoa 3D modellashtirish va 3D printerlar yordamida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Jamoaning “Engineericly” YouTube videoblogi 770 mingdan ortiq obunachiga ega.
Farg‘ona viloyatida IT sohasini rivojlantirish, raqamli xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksportini kengaytirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda Rossiya kompaniyalari bilan IT sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish borasidagi imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.









