Yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-10-06 16:35:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar mavjudligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro ishonch va do‘stlik muhitida o‘tgan muloqotda ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, Farg‘ona mahsulotlarini Rossiya bozoriga olib chiqish, Primore o‘lkasida Farg‘ona mahsulotlari uchun savdo uyi va savdo-taqsimot markazini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur markaz orqali Farg‘onadan yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quritilgan va ho‘l mevalarni nafaqat Rossiya Federatsiyasi hududlariga, balki Vetnam va Xitoy bozorlariga ham yo‘naltirish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Shuningdek, Farg‘ona va Primore o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Logistika, turizm va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitish, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.



