Farg‘ona O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yirik muloqot maydoniga aylanadi
2026-10-03 15:05:00 / Yangiliklar

Nufuzli xalqaro forumning asosiy tadbirlari “Farg‘ona ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi va IT parkda tashkil etiladi.
Yig‘ilish ikki mamlakat hududlari, ishbilarmon doiralari va tarmoq tashkilotlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirish, yangi investitsiya va kooperatsiya loyihalarini shakllantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ladi.
Dastur doirasida O‘zbekiston–Rossiya va Rossiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlarining 12-qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, agrosanoat majmuasida hamkorlik hamda madaniy-gumanitar aloqalar kabi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha panel sessiyalari tashkil etiladi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-kontaktlar birjasi o‘tkazilib, unda yangi loyihalar va o‘zaro manfaatli hamkorlik tashabbuslari muhokama qilinadi.
O‘zbekiston va Rossiya hududlarining iqtisodiy, sanoat va investitsiya salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazma ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Dasturning yana bir muhim yo‘nalishi — “O‘zbekistonda Sibir kunlari” tadbirlari bo‘lib, ular hududlararo iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, energetika va agrosanoat sohalarida yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
