Farg‘onalik o‘qituvchi va murabbiylarga davlat mukofotlari topshirildi
2026-09-30 12:50:00 / Yangiliklar

Bugun viloyat hokimligida davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, ustoz va murabbiylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi ta’lim-tarbiya sohasi vakillarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, ustoz va murabbiylarning jamiyat taraqqiyoti, yosh avlod kamolotidagi beqiyos o‘rniga alohida to‘xtaldi.
— Bayramlarning eng ulug‘i — O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Chunki har bir kasbning o‘z ustozi bor. Har qanday muvaffaqiyat zamirida ustozning mehnati, bilimi va tarbiyasi mujassam, — dedi Xayrullo Bozorov.
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, ta’lim sifatini yuksaltirish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi nufuzi va maqomini oshirish, ularning mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish, inson qadrini ulug‘lash, mamlakat taraqqiyoti va farovonligini ta’minlashda ilm-fan va sifatli ta’lim hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Ayniqsa, aholimizning salmoqli qismini yoshlar tashkil etayotgan bugungi sharoitda ularga sifatli ta’lim va zamonaviy bilim berish, kasb-hunar egallashi uchun munosib sharoit yaratish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash eng muhim vazifalardan biri ekaniga urg‘u berildi.
Viloyat hokimi ana shu jihatga e’tibor qaratib, mamlakatimizning eng katta boyligi va kelajagi bo‘lgan yosh avlod taqdiri ustoz va murabbiylarga ishonib topshirilganini ta’kidladi.
Shuningdek, davlat mukofotlariga munosib ko‘rilgan farg‘onalik ustoz va murabbiylarni samimiy qutlab, ushbu yuksak e’tirof ularning ko‘p yillik samarali mehnati, ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga qo‘shgan munosib hissasiga berilgan yuksak baho ekanini qayd etdi hamda sharafli va mas’uliyatli faoliyatlarida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan so‘ng yuksak davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.









