Farg‘ona vodiysi tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va umumiy taraqqiyotning namunaviy makoniga aylanmoqda
2026-09-28 14:00:00 / Yangiliklar

Mazkur xalqaro anjumanda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi, So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda, Qirg‘iziston Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Mamirjan Rahimov, shuningdek, BMT, Yevropa Ittifoqi, YeXHT, Xalqaro migratsiya tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Forum Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, Farg‘ona vodiysida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, hududlararo amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan.
Anjumanning ochilishida so‘z olgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona tinchlik forumi xalqlarimizning azaliy do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi va mushtarak manfaatlarini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoniga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Farg‘ona vodiysi uch davlatni bog‘lab turgan shunchaki geografik makon emas, balki asrlar davomida yonma-yon yashagan, tarixi, madaniyati va qadriyatlari mushtarak xalqlarning umumiy uyi ekani qayd etildi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan yangi muhit shakllandi. Bu, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning siyosiy irodasi, ochiq va pragmatik muloqoti hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarining amaliy natijasidir.
Buning natijasida chegaralar ochilib, savdo va transport aloqalari kengaydi, suv-energetika, ekologik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bugun ushbu siyosiy kelishuvlar hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Viloyat hokimi Forum doirasida tinchlik va o‘zaro ishonchni amaliy hamkorlikka aylantirish, Farg‘ona, So‘g‘d va Botken hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish, ta’lim, madaniyat va tadbirkorlik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Chegaraoldi hududlari tadbirkorlari uchun “Farg‘ona vodiysi biznes muloqoti”ni tashkil etish, kelgusi yil fevral oyida “Farg‘ona ekspo” biznes markazida Farg‘ona, So‘g‘d va Botken tadbirkorlari ishtirokida ko‘rgazma o‘tkazish takliflari ilgari surildi.
— Biz bir vodiyda yashaymiz, bir-birimizga eng yaqin qo‘shnimiz. Tariximiz bir, bugungi manfaatlarimiz va ertangi taraqqiyotimiz ham o‘zaro bog‘liq. Shuning uchun Farg‘ona vodiysi tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va umumiy taraqqiyotning namunaviy makoni bo‘lishi kerak, — dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.
Forum doirasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni yuksaltirish, hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, forum doirasida tajriba almashish, hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va Farg‘ona vodiysining barqaror taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan aniq takliflar muhokamasi rejalashtirilgan.









