Farg‘onaning barcha hududlarida mini texnologiyalar yarmarkalari tashkil etiladi
2026-09-24 15:55:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur ko‘rgazma bilan tanishdi.
Ko‘rgazmada 50 dan ortiq ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulot va texnologiyalarini namoyish qildi. Xususan, mini texnikalar, qadoqlash, tikuvchilik, paypoq to‘qish, sabzavotlarni tozalash, oziq-ovqat mahsulotlarini kesish va qayta ishlash, pishiriq tayyorlash, parrandachilik uchun inkubatorlar hamda boshqa yo‘nalishlarga mo‘ljallangan ixcham va zamonaviy uskunalar taqdim etildi.
Ushbu texnologiyalarning aksariyati kam sarmoya bilan kichik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, aholi bandligini ta’minlash va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Viloyat hokimi mas’ullar bilan o‘tkazilgan muloqotda bunday ko‘rgazma Farg‘onada ilk bor tashkil etilayotganini ta’kidlab, uning asosiy maqsadi aholiga hamyonbop, zamonaviy va daromad keltiradigan texnologiyalarni yaqindan tanishtirish, ularni xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kichik biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanini qayd etdi.
— Arzon va serdaromad uskunalarni topib, ularni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak. Texnikumlarning mavjud imkoniyatlaridan foydalanib, bunday ko‘rgazmalarni doimiy ravishda tashkil etib borish zarur. Asosiysi, zamonaviy texnologiyalarni aholiga yetkazib, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishimiz kerak, — dedi viloyat rahbari.
Ko‘rgazma bilan tanishish jarayonida tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar bilan muloqot qilinib, taqdim etilgan uskunalarning narxi, ishlab chiqarish quvvati, ulardan foydalanish imkoniyatlari hamda aholi uchun qulay moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda ishtirok etgan shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda mutasaddilarga bu tajribani viloyatning barcha hududlarida joriy etish, mini texnologiyalar yarmarkalarini tizimli tashkil qilish, ishlab chiqaruvchilar bilan mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, aholining talab va imkoniyatlaridan kelib chiqib, daromadli mini texnologiyalarni mahallalargacha yetkazib borish, ular asosida yangi kichik ishlab chiqarish loyihalarini shakllantirish hamda tashabbuskorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish vazifasi belgilandi.









