Farg‘onadagi yirik investitsiya loyihasi haqida Koreya matbuoti yozmoqda
2026-09-23 10:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, nufuzli "The Korea Times" nashri “Hansae Mobility” kompaniyasining O‘zbekistondagi investitsiya faoliyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Maqolada Koreyaning “Hansae Mobility” kompaniyasi Farg‘ona viloyatiga 30 million dollar miqdorida investitsiya kiritayotgani haqida so‘z yuritilgan.
Nashr Farg‘ona viloyatida avtomobil sanoati uchun muhim butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga qaratilgan ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilayotganiga alohida e’tibor qaratgan. Kompaniya o‘tgan yil oxirida asosiy avtokomponentlarni mahalliylashtirish jarayonini boshlagan bo‘lib, joriy yil sentabr oyidan keng ko‘lamli seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, “Hansae Mobility”ning Farg‘onadagi faoliyati “UzAuto Motors” bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, mahalliy avtokomponentlar sanoatini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yaqinda Koreyadagi tashrifi davomida kompaniya rahbariyati bilan uchrashib, yangi loyihalar bo‘yicha ham kelishuvga erishgan.
E’tiborlisi, ushbu investitsiya loyihasi haqida Koreyaning boshqa nufuzli nashrlari ham xabar bermoqda. Xususan, Seoul Economic Daily ham 17-sentabr kuni “Hansae Yes24” guruhining Farg‘onada avtomobil qismlari ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish uchun 25 million dollarlik investitsiya rejasi haqida maqola chop etgan.
Koreya matbuotida Farg‘onada amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalarining yoritilishi viloyatning xorijiy investorlar uchun jozibador hudud sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
