Farg‘onada xalqaro dual ta’lim loyihasi boshlandi
2026-09-22 19:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda xalqaro ta’lim dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Farg‘ona shahrida raqamli kasblar texnikumini tashkil etish loyihasi muhokama qilindi.
“Sinergiya” Rossiyadagi yirik ta’lim va innovatsion klasterlardan biri bo‘lib, uning tarkibiga 50 dan ortiq tashkilot kiradi. Klaster negizini “Sinergiya” universiteti tashkil etadi.
O‘zbekistonda “Sinergiya” ta’lim ekotizimini rivojlantirish doirasida Farg‘ona shahridagi 1-sonli texnikum negizida raqamli kasblar texnikumini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ilk bor viloyatimizda xalqaro dual ta’lim dasturi asosida o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yildi.
Loyihaning dastlabki bosqichida texnikumda 600 nafargacha talaba, xalqaro dual ta’lim dasturlarida 120 nafar talaba hamda IT kurslarida 1 100 nafargacha o‘quvchini qamrab olish rejalashtirilgan.
Ta’lim jarayonida dasturlash, sun’iy intellekt, grafik dizayn, 3D modellashtirish, robototexnika, kiberxavfsizlik va boshqa zamonaviy IT yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri ta’limni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan dual ta’lim tizimidir. Unda talabalar o‘qish bilan bir vaqtda korxonalarda faoliyat yuritib, egallayotgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda mustahkamlaydi. Rossiyadan malakali mutaxassislar jalb qilinib, o‘quvchilarga dars beradi.
Uchrashuvda texnikumni tashkil etish bilan bir qatorda, hudud mehnat bozorida eng talab yuqori bo‘ladigan kasb va mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi. Raqamli kasblar texnikumini joriy yil dekabr oyida faoliyatini boshlashi rejalashtirilgani qayd etildi.
Shuningdek, loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari, ta’lim dasturlarini hudud ehtiyojlariga moslashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda Farg‘onada zamonaviy IT-ta’lim infratuzilmasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.


