Belaruslik investorlar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda
2026-09-22 16:10:00 / Yangiliklar

Delegatsiya a’zolariga korxonada meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, saralash, muzlatish, saqlash va eksportga tayyorlash jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Korxonada, xususan, malina, gilos, qoraqat va qulupnay kabi eksportbop mahsulotlar xalqaro talablar asosida saralanib, muzlatilgan holda qadoqlanadi. Tayyor mahsulotlar Rossiya, Turkiya, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlarga muntazam eksport qilinmoqda.
Mehmonlar ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy sovutish va saqlash omborlari, eksport logistikasi hamda mahsulot sifatini ta’minlash imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdilar.
Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunga qadar korxona tomonidan umumiy qiymati 3 million dollardan ziyod mahsulot xorijiy bozorlarga eksport qilingan.
Ayni paytda korxonada 100 nafardan ortiq doimiy ishchi mehnat qilmoqda. Mavsumiy davrlarda ish bilan ta’minlanganlar soni 200 nafargacha yetadi. Ayniqsa, mahalliy aholi, xotin-qizlar va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani korxonaning hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi ahamiyatini oshirmoqda.









