Farg‘ona yana bir katta shodiyona - "Atlas bayrami"ga mezbonlik qilmoqda
2026-09-17 11:30:00 / Yangiliklar
Marg‘ilon shahridagi “Vodiy gavhari” — “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida yettinchi xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali — “Atlas bayrami”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni go‘zal va betakror Farg‘ona zaminida, qadimiy va hamisha navqiron Marg‘ilon shahrida o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro festivalning ochilishi bilan samimiy tabrikladi.
Bugungi kun Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahri, milliy hunarmandchilik va xalqimizning boy madaniy merosi uchun alohida ahamiyatga egaligi, ayniqsa, “Atlas bayrami”ning jahon hunarmandlari shahri sifatida e’tirof etilgan Marg‘ilonda o‘tkazilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega ekanligi qayd etildi.
Festivalda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli hunarmandlar, dizaynerlar, soha mutaxassislari, san’at namoyandalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
“Atlas bayrami” Marg‘ilonni yana bir bor jahon hunarmandchiligi, dizayn va madaniyat vakillari uchrashadigan nufuzli xalqaro maydonga aylantirayotgani ta’kidlandi. Festival o‘tkazilayotgan “Vodiy gavhari” majmuasi esa Farg‘onaning boy milliy me’morchiligi, urf-odatlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy bunyodkorlik salohiyatini o‘zida mujassam etgan maskan sifatida e’tirof etildi.
Festival doirasida yangi g‘oyalar va ijodiy loyihalar yuzaga kelishi, o‘zaro tajriba almashinuvi hamda hunarmandlar va dizaynerlar o‘rtasida xalqaro hamkorlik aloqalari yanada kengayishiga ishonch bildirildi.
Tantanali marosimda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi videoaloqa orqali ishtirokchilarni festivalning ochilishi bilan tabrikladi.
Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, VII xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali — “Atlas bayrami” rasman ochiq deb e’lon qilindi.
Tadbir ishtirokchilari respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan hunarmandlar uchun tashkil etilgan pavilyonlarda namoyish etilayotgan milliy to‘qimachilik, hunarmandchilik va dizayn namunalarini tomosha qildilar.
Festival dasturiga muvofiq tadbirlar davom etmoqda.









