Farg‘ona viloyati va Goyang shahri o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
2026-09-09 17:40:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Farg‘ona viloyati va Goyang shahri o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, turizm va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Dastlab ikki hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, infratuzilmasi, ta’lim, turizm hamda boshqa sohalardagi imkoniyatlarini aks ettiruvchi videoroliklar namoyish etildi.
Goyang shahri meri Min Gyon So Chungbu universitetida farg‘onalik yoshlarning tahsil olishni boshlaganini ikki hudud o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi. U mazkur hamkorlikni yanada kengaytirish, ta’lim bilan bir qatorda iqtisodiyot, investitsiya, biznes, turizm va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Goyang shahri va Farg‘ona viloyati o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan munosabatlar ikki hudud uchun ham yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi. Xususan, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, o‘zaro delegatsiyalar tashriflarini tashkil etish, investitsiya va savdo yo‘nalishlarida aniq loyihalarni shakllantirish, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflar bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Goyang — Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasida, Seul shahri bilan bevosita chegaradosh hududda joylashgan yirik shaharlardan biri. 268 kvadrat kilometrdan ortiq hududni egallagan shaharda 1 million 70 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Goyang zamonaviy transport infratuzilmasi, xalqaro ko‘rgazma va kongresslar industriyasi, media va kreativ sohalar, turizm hamda rivojlangan ijtimoiy infratuzilmasi bilan ajralib turadi. Shuningdek, bu yerda Koreyaning eng yirik xalqaro ko‘rgazma va kongress majmualaridan biri — KINTEX joylashgan.
Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish maqsadida ikki tomon vakillaridan iborat ishchi guruh tuzish, aniq chora-tadbirlarni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uning asosida Farg‘ona viloyati va Goyang shahri o‘rtasidagi hamkorlikni izchil kengaytirib borishga kelishib olindi.






