Farg‘onalik yoshlar Janubiy Koreyada qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil olmoqda
2026-09-09 16:50:00 / Yangiliklar

Ayni paytda Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti hamda Jungbu universiteti o‘rtasidagi 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi asosida 127 nafar farg‘onalik yosh joriy yilning sentabr oyidan Janubiy Koreyada tahsil olishni boshladi.
Uchrashuvda viloyat hokimi mazkur dastur doirasida tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasasida bilim olish yoshlar uchun katta imkoniyat va ayni paytda mas’uliyat ham ekanini ta’kidladi.
Yoshlarning puxta bilim olishi, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishi bugungi kunning muhim talabi ekani qayd etildi. Yurtimiz taraqqiyoti uchun chuqur bilim va zamonaviy ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh va salohiyatli mutaxassislar zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ilm olish doimiy jarayon ekani, rivojlangan davlatlarning ilm-fan, ta’lim va texnologiya sohalaridagi ilg‘or yutuqlarini o‘rganib, ularni yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida qo‘llash muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida Janubiy Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan 12 nafar farg‘onalik yoshning ishga qabul qilingani ham qayd etildi. Bu yoshlarning olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlashi, xalqaro tajriba orttirishi uchun muhim imkoniyat ekani bildirildi. Talabalarning kelgusidagi o‘qish va ishlariga omad tiladi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqotda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbirda “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do hamda Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti rektori Pak Jun Xo ishtirok etdi.









