Yuksalish mahallasida zamonaviy sport majmuasi barpo etildi
2026-09-05 13:45:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ayubxon Rahmatullayev, mahalla ahli, keng jamoatchilik va yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab, mehmonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida majmua hududiga daraxt ko‘chatlari ekishdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yig‘ilganlarni Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun keng imkoniyatlar yaratilgani, ayniqsa, so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yurtimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro maydonlarda munosib natijalarni qo‘lga kiritayotgani qayd etildi.
Mahalladagi qarovsiz o‘yingoh o‘rnida tadbirkor va fermerlarning ezgu tashabbusi hamda homiylik mablag‘lari hisobidan ushbu zamonaviy sport majmuasining barpo etilgani el-yurt manfaati yo‘lidagi hamjihatlik va saxovatning amaliy ifodasi ekani alohida e’tirof etildi.
Viloyat rahbari ushbu xayrli ishga munosib hissa qo‘shgan barcha tadbirkor va fermerlarga minnatdorlik bildirib, yangi majmua kelgusida ko‘plab yoshlarni sportga jalb etishi, bu yerdan yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan chempionlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Qiymati 3 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan sport majmuasida, xususan, yoshlarning kurash bilan muntazam shug‘ullanishi, mahoratlarini oshirishi uchun zarur zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Maskanning qurilishida tuman prokurori Rustamjon Tillayevning ham xizmati katta bo‘ldi.
Marosimda majmua qurilishiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh homiylarga Farg‘ona viloyati hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, ishtirokchilar maskanda sportchilar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.









