Xitoylik investorlar bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2026-09-05 11:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari xususida fikr almashildi.
Xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishlarida yangi investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Muloqotda viloyatda shakllangan qulay investitsiya muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar xitoylik ishbilarmonlarning Farg‘onada yangi loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishini oshirayotgani qayd etildi.
Viloyat rahbari zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga xizmat qiladigan investitsiya loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Xitoyning yirik kompaniya va ishbilarmon doiralari vakillarini viloyatga keng jalb etish, ular bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Farg‘ona viloyatida xorijiy kapital ishtirokida 938 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 318 tasi Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan.


