Farg‘ona investorlar uchun jozibador hududga aylanmoqda
2026-09-04 17:15:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda Xitoy kompaniyalari tomonidan Farg‘ona viloyatida qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Samarali hamkorlik va yaratilgan o‘zaro ishonch natijasida viloyatimizga xitoylik tadbirkor va investorlarning biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishi kun sayin ortib bormoqda.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Xitoyning “Zhicheng Nonwovens (Jiangsu) Co., Ltd.”, “San Zheng International” va “Sora Energy” kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuvida investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari xususida fikr almashildi.
Muloqot davomida “Zhicheng Nonwovens Co., Ltd.” kompaniyasining tibbiyot va gigiyena mahsulotlari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan noto‘qima matolar, “San Zheng International” kompaniyasining asfalt-beton aralashmalari va yo‘l qurilishi materiallari, “Sora Energy” kompaniyasining neft-kimyo mahsulotlari, jumladan, yoqilg‘i sifatini oshiruvchi maxsus qo‘shimchalar ishlab chiqarish yo‘nalishidagi tajribasi va imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Xitoylik investorlar Farg‘ona viloyatida qator yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirib, ularning yo‘nalishlari va istiqbollari yuzasidan takliflarini taqdim etdilar.
Viloyat hokimi investorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoit va infratuzilma bilan ta’minlash borasida viloyatda barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.



