O‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir
2026-09-02 10:40:00 / Yangiliklar

Bugun viloyatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida ham “Birinchi qo‘ng‘iroq” - Bilimlar kuni tadbirlari minglab o‘g‘il-qizlar, o‘qituvchilar va ota-onalarning quvonchi bilan yanada shukuhli tashkil etildi.
Farg‘ona shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Farg‘ona filialida yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar, ustoz va murabbiylar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Dastlab viloyat hokimi Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi hamda Bilimlar kuni bilan yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi.
Mamlakatimiz taraqqiyotida ta’lim va ilm-fanning hal qiluvchi ahamiyati, yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga o‘rgatish, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ular uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Yoshlar mamlakatimizning “oltin fondi”, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan buyuk kuch ekani qayd etildi.
Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari Farg‘ona viloyati misolida ham yaqqol namoyon bo‘layotganiga e’tibor qaratildi.
Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Farg‘ona filialida ayni paytda 432 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Yangi o‘quv yili uchun maktabda o‘qish istagini bildirgan 7 ming 900 nafardan ziyod nomzod hujjat topshirdi. Saralash jarayonlari yakuniga ko‘ra, ular orasidan 72 nafar iqtidorli o‘quvchi qabul qilindi. Ya’ni, bir o‘rin uchun o‘rtacha 115 nafarga yaqin nomzod raqobatlashdi.
Bu ko‘rsatkichlar yoshlarimizning bilim olishga intilishi tobora ortib borayotgani, sifatli ta’limga bo‘lgan talab yuksalayotgani hamda iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanayotganidan dalolat beradi.
Tadbirda ushbu ta’lim dargohidan kelgusida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy kabi buyuk allomalar, zamonaviy ilm-fan namoyandalari, ixtirochi va mutafakkirlar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi.
Tadbirda nuroniylar ham so‘z olib, o‘quvchi-yoshlar uchun ezgu tilaklarini aytib o‘tdilar.
Maktab jamoasiga viloyat hokimi tomonidan kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Shundan so‘ng yangi o‘quv yili uchun birinchi qo‘ng‘iroq jarang sochdi va dars mashg‘ulotlari boshlandi.
Mehmonlar ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. O‘quv laboratoriyalari, zamonaviy sinf xonalari, sport zali hamda oshxonadagi imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.
O‘quvchilar xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan o‘zlari yaratgan ta’lim platformasi, shuningdek, robototexnika yo‘nalishida erishgan natijalari haqida ma’lumot berdilar.
Mazkur ta’lim maskanida yangi o‘quv yilining ilk darsi — “Kelajak soati” mashg‘ulotlari bilan boshlandi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham 10-sinf o‘quvchilari uchun “Kelajak soati” darsini o‘tdi. Samimiy muloqot ruhida kechgan mashg‘ulotda yoshlar hayotida bilim va ma’rifat, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Viloyat hokimi o‘quvchilarni yuksak maqsadlar sari intilishga, chuqur bilim olishga va Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan vatanparvar yoshlar bo‘lib kamol topishga chaqirib, ularga o‘qish va kelgusi faoliyatida omad hamda muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir yakunida viloyat hokimi ta’lim muassasasining “Faxriy mehmonlar daftari”ga ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.









