Farg‘onada akkumulyatorlar ishlab chiqarish boshlandi
2026-08-28 16:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida hududda “JIUHUI ENERGY RABEE” MChJning akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tuman rahbarlari, investor va tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Viloyat hokimi yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz bayram bilan qutlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan mazmun-mohiyati xususida to‘xtaldi.
2015-yilda Farg‘ona viloyatiga atigi 22 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida 2,7 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 4 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Bu raqamlar o‘z navbatida islohotlarning yaqqol amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Yangi korxona loyihasi doirasida ham 5,8 million dollar investitsiya kiritilib, 70 tadan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Tadbirda investor Fu Ven Yun ham so‘z olib yaratilgan qulay sharoitlar va ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
Korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirilib, ikkinchi bosqichini amalga oshirish ishlari ham boshlab yuborilgani qayd etildi.
Tuman faollari ham o‘zgarishlardan, bunyodkorlik ishlaridan mamnun ekanliklarini ta’kidladilar.
Ramziy tasma qirqilib, yangi ishlab chiqarish faoliyatiga start berildi.
Viloyat hokimi korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib, ish boshlagan xodimlar bilan suhbatlashdi, ular uchun yaratilgan mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.
Korxona faoliyati muvaffaqiyatli bo‘lishiga tilak bildirdi.









