Farg‘onada bir guruh fidoyi yurtdoshlarimizga esdalik nishonlari topshirildi
2026-08-28 13:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, yig‘ilganlarni eng ulug‘ va eng aziz bayram — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, istiqlol — xalqimiz asrlar davomida orzu qilgan, ne-ne ajdodlarimiz unga yetishishni armon qilgan buyuk ne’matdir. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, hududlarni obod va taraqqiy ettirishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
Mazkur yuksak e’tirof yurtdoshlarimizning o‘z kasbi va Vatanga sadoqati, ko‘p yillik fidokorona mehnati, yurtimiz taraqqiyoti va jamiyatimiz ravnaqiga qo‘shayotgan munosib hissasiga berilgan yuksak baho ekani qayd etildi.
Marosimda bir guruh mehnat faxriylari, faollar, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, turli soha vakillariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar bunday e’tibor va rag‘bat uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildirib, mamlakatimiz taraqqiyoti, aholi farovonligi yo‘lida bor kuch va salohiyatini safarbar etishini ta’kidladi.









