Davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
2026-08-26 19:45:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimligida ana shu yuksak davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi.
-Mustaqilligimiz - xalqimiz uchun eng ulug‘ va eng buyuk qadriyat. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erishayotgan ulkan natijalarimiz, avvalo, tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning birdamligi va fidokorona mehnati samarasidir, - dedi viloyat hokimi.
Viloyat hokimi Prezidentimiz tomonidan Farg‘ona viloyatining keyingi yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, yaratilgan imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berilayotganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda davlat mukofoti inson mehnatining eng yuksak e’tiroflaridan biri ekani ta’kidlandi. Bu yil ham mustaqillik bayrami arafasida mamlakatimizning turli sohalarida samarali mehnat qilib, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz davlat mukofotlariga munosib ko‘rildi.
Farg‘onalik 22 nafar mukofot sohiblari orasida turli sohalarda ko‘p yillik samarali mehnati, fidoyiligi, yurt ravnaqiga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan ibrat bo‘lib kelayotgan mutaxassislar bor.
Viloyat hokimi mukofot sohiblarini samimiy qutlab, mazkur yuksak e’tirof ularning faoliyatiga yanada katta mas’uliyat va kuch-g‘ayrat bag‘ishlashini ta’kidladi.
Shundan so‘ng davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda so‘z olgan mukofot sohiblari yuksak e’tirof uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va Farg‘ona viloyati ravnaqi yo‘lida bundan buyon ham sidqidildan mehnat qilishlarini ta’kidladilar.









