Hamkorlik ko‘lami yanada kengaymoqda
2026-08-25 20:40:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Farg‘ona viloyati va Xitoy ishbilarmon doiralari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Huahe International Business Consulting Organization” xalqaro biznes-konsalting sohasida faoliyat yurituvchi professional tashkilot bo‘lib, Xitoy va xorijiy davlatlar o‘rtasida savdo, investitsiya va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Kompaniya biznes tuzilmalari, davlat idoralari va investitsiya loyihalari uchun strategik konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.
Muloqotda Lyu Chuanu kompaniyaning asosiy vazifasi Xitoy kompaniyalarining xorijiy bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, ularning xalqaro hamkorligini rivojlantirish hamda xorijiy ishbilarmon doiralar bilan samarali aloqalar o‘rnatishiga ko‘mak berishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati bilan Xitoy ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida amaliy ishlar olib borilayotgani, biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va yangi hamkorlik loyihalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda 2–4-sentabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Xitoy tovarlari ko‘rgazmasi haqida ham ma’lumot berildi. Unda qishloq xo‘jaligi, energetika, to‘qimachilik, yengil sanoat, qurilish va qurilish materiallari kabi yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 200 ga yaqin Xitoy kompaniyasi ishtirok etishi kutilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyati tadbirkorlari mazkur ko‘rgazmada faol ishtirok etishini ma’lum qilib, tadbir doirasida Xitoy kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘rnatish, yangi savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Xitoy kompaniyalarining Farg‘ona viloyatidagi faolligini oshirish, mahalliy tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli biznes aloqalarini kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.


