So‘x tumani eng rivojlangan hududga aylanadi
2026-08-24 20:05:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari hamda mutasaddilar ishtirok etdi.
Dastlab So‘x tumanini og‘ir toifadan chiqarish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda hududni yangi yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Ayni paytda ushbu yo‘nalishlarda 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 25 ta obyektda qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil 8-iyuldagi “So‘x tumanini 2026–2028-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud zaxira va imkoniyatlarni ishga solish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mutasaddilarga qarorda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi investitsiya loyihalarini jalb etish, aholi bandligini oshirish hamda tumanning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.






