Yozyovonda elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi qurilishi boshlandi
2026-08-24 14:50:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tadbirkorlar va investorlar, jamoatchilik vakillari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi so‘z olib yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz bayram —mustaqilligimizning 35 yilligi bilan tabrikladi. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha yo‘nalishlarda o‘zining amaliy samaralarini berayotganligi ta’kidladi. Xususan, Yozyovonda ham so‘nggi yillarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilayotganligi qayd etildi.
Shuningdek, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, zamonaviy va ekologik toza transport vositalarini ishlab chiqarish bugungi kun talablaridan biri ekani bildirildi. Yozyovonda boshlanayotgan loyiha ana shu ishlarning ifodasi ekanligi, dastlab elektrobuslar, kelgusida esa elektr yuk mashinalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Mazkur loyiha Farg‘ona viloyatining sanoat salohiyatini yanada oshirishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlar nafaqat mahalliy bozorga, balki xorijiy davlatlarga ham eksport qilinadi.
Loyiha Yozyovon tumanidagi “Ijodkor” mahallasi hududida joylashgan maxsus sanoat zonasining 10 gektar maydonida amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 170 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida yiliga 700 ta elektrobus ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Korxonani 2027-yil dekabr oyida ishga tushirish belgilangan.
Tadbirda II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni sohibasi, shoira O‘ktamxon Soliyeva ham so‘zga chiqib, tuman faollari va nuroniylar nomidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda yurtimiz tinchligi, ishlar barakasi va loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishini tilab duolar qilindi.
Yakunda korxonaga tamal toshi qo‘yilib, qurilish ishlariga start berildi.









