Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishda tizimli choralar kuchaytiriladi
2026-08-15 19:15:00 / Yangiliklar

Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan yig‘ilishni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov olib bordi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi mas’ullari, Respublika ishchi guruhi tarkibiga kiritilgan vazirlik va idoralar vakillari, viloyatdagi tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, shahar va tuman komissiyalari a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyaning ustuvor maqsadlariga erishish, giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligi hamda millat genofondini samarali himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishlardagi jinoyatlarning turlari kun sayin zamonaviy ko‘rinishga kirib, ayniqsa, internet savdolari orqali xavfli tus olayotgani, bunga qarshi birgalikda, hamkorlikda kurashish bilan ijobiy natijaga erishish mumkinligi aytildi.
Prezident Farmoni doirasida 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan "Milliy dastur" asosida respublikada, xususan, Farg‘ona viloyatida ham keng ko‘lamli profilaktik va amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi rahbari Farhod Hasanov Respublika ishchi guruhining viloyatda olib borgan o‘rganishlari natijalari haqida batafsil axborot berdi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan xato va kamchiliklar tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, mas’ullarning javobgarligini oshirish yuzasidan zarur choralar belgilandi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun mas’ullarga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishi ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, sohadagi ishlarni namunali tashkil etgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimi, Dang‘ara va O‘zbekiston tumanlari hokimlarining o‘rinbosarlari tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.






