Elektr, gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlar “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etilmoqda
2026-08-15 13:15:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, shahar-tuman hokimlari, tegishli tashkilot va boshqarmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Unda “Yangiyo‘l tajribasi” asosida viloyatimizda iste’molchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlar va debitorlik qarzdorlikni keskin kamaytirish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Mazkur tajriba asosida viloyatimizdan Farg‘ona tumani tanlab olinib, namunaviy tizim yaratish ishlari olib borilmoqda. Shu maqsadda ishlar “mahallabay” tashkil etilib, energetika sohasidagi muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va manzilli choralar ko‘rish yo‘lga qo‘yildi.
“Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbari Azizbek Saydaliyev mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Tumandagi 71 ta mahalla bo‘yicha energetik pasport va energiya resurslariga talab balansi shakllantirildi. Yig‘ilishda Dilkusho MFY hududidagi “Yambaroq” uzatmasidan ta’minlanuvchi transformatorda bajarilgan ishlar misolida mahallalarda elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni oldini olish, mavjud muammoli nuqtalarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida mavjud transformator punktlari (TP) va gaz taqsimlash punktlarining (GRP) holatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ta’mirlash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari energetika sohasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, Farg‘ona tumanida boshlangan ishlarni boshqa shahar va tumanlarda ham “mahallabay” tashkil etish, energetik pasportlar va energiya iste’moli balansini shakllantirish, tarmoqlarning holatini manzilli o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bosqichma-bosqich hal qilish kerakligini alohida ta’kidladi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.



