Rishtonda ilg‘or tajribalar asosida texnopark tashkil etiladi
2026-08-14 11:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda delegatsiyalar tashriflari davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi, xususan, Rishton tumanida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida maxsus texnopark tashkil etish jarayonlarini jadallashtirish, unda import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy loyihalarni joylashtirish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xitoylik investorlar mazkur texnoparkni Shandun provinsiyasidagi ilg‘or tajribasi asosida rivojlantirish hamda o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Uchrashuvda viloyatda amalga oshirish uchun yana qator istiqbolli investitsiya loyihalari ham taklif etildi.
Viloyat hokimi bildirilgan tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini, belgilangan talab va tartiblar asosida hamkorlik munosabatlari davom ettirilishini qayd etdi. Kelgusidagi chora-tadbirlar kelishib olindi.



