Shohimardonda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda
2026-08-13 19:20:00 / Yangiliklar

Dastlab Hazrat Ali ziyoratgohini ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi.
Ishchi guruh a’zolari ishtirokidagi o‘tkazilgan yig‘ilishda hududda amalga oshirilayotgan ishlar, infratuzilmani rivojlantirish va turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Boshlangan ishlar bo‘yicha hisobotlar eshitildi.
Zamonaviy piyodalar yo‘laklar tashkil etish, ko‘cha yoritish tizimini yaxshilash, kanalizatsiya, dam olish maskanlarini barpo etish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish vazifalari belgilandi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulay muhit yaratish, avtoturargohlar tashkil etish va transport yo‘nalishlarini rivojlantirish choralari ham ko‘rib chiqildi.
Oilaviy mehmon uylari tarmog‘ini kengaytirish, zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, jumladan, restoranlar, ko‘ngilochar maskanlar, madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratildi. Turistik marshrutlar ishlab chiqish, kemping va Wi-Fi hududlarini tashkil etish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda yangi turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Shohimardonning turistik salohiyatini respublika va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish strategiyasini ishlab chiqish, xatlov ishlarini belgilangan muddatda yakunlash va bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, istiqbolli loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.






