Shohimardonda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-08-13 18:05:00 / Yangiliklar

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda chekka va olis hududdagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, bandligini ta’minlash hamda zamonaviy kasblarga o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot avvalida viloyat hokimi bugungi kunda Farg‘ona tumanini Sharqiy turistik kurort darvozasiga aylantirish, xususan, Shohimardon qishlog‘ida xalqaro turizm markazini tashkil qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanayotganini ta’kidladi.
Shohimardonning betakror tabiati va turistik salohiyatidan samarali foydalanish orqali hududni O‘zbekistonning eng jozibador sayyohlik maskanlaridan biriga aylantirish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda, avvalo, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari va yuqori daromadli faoliyat turlarini yaratish muhim vazifa ekani qayd etildi.
Uchrashuvda Shohimardon va Yordon mahallalari yoshlari o‘zlarining muammo va takliflari yuzasidan viloyat rahbariga murojaat qildilar.
Jumladan, oilaviy mehmon uylari tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, bandlik, mini-futbol maydoni qurish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, IT va sun’iy intellektni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish kabi takliflar bildirildi.
Uchrashuvda shohimardonlik yoshlar orasida xorijiy tillar va turli yo‘nalishlar bo‘yicha sertifikatlar olayotgan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish istagidagi yoshlar soni ortib borayotgani ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi bildirilgan har bir taklif va murojaatni ko‘rib chiqib, mas’ullarga ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Muloqotda Vodildagi chegara nazorat-o‘tkazish punktiga xalqaro maqom berilgani hududning turistik salohiyatini yanada oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratayotgani, xorijlik sayyohlar oqimining ko‘payishi ham ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan sayyohlarga zamonaviy servis xizmatlarini ko‘rsatish, yoshlarni mehmonxona va servis sohasiga tayyorlash, xorijiy tillarni puxta o‘rgatish maqsadida Shohimardonda maxsus o‘quv markazi tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.









