Bag‘dodda har bir mahallaning imkoniyat va salohiyatini to‘liq ishga solish vazifasi qo‘yildi
2026-08-11 19:30:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda tumanda so‘nggi davrda amaliy harakatlar kuchaygani, aholining tashabbuskorligi va faolligi natijasida qator sohalarda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilayotgani qayd etildi. Ayni paytda, yillar davomida yetarlicha e’tibor berilmagan masalalarni hal etish, boshlangan loyihalarni izchil davom ettirish va natijadorlikni yanada oshirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘rganishlar davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Mahallalar kesimida kambag‘allikni kamaytirish va fuqarolarning daromadlarini ko‘paytirish masalalariga alohida urg‘u berildi. Har bir hududning mavjud imkoniyatlarini atroflicha tahlil qilish, uning asosiy iqtisodiy drayverini belgilash, tashabbuskor fuqarolar va yetakchi tadbirkorlar atrofida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bunda, xususan, xonadonlarda mehnat qilayotgan aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni daromad keltiradigan faoliyatga keng jalb etish, oilaviy biznes va kooperatsiyani rivojlantirish orqali oilaviy tushumlarni oshirish muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mahallalarda foydalanilmayotgan bino va inshootlarni xatlovdan o‘tkazish, ular negizida yangi ishlab chiqarish ob’yektlarini tashkil etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlashni kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan mutasaddilarga vazifalar topshirildi.
Bag‘dodning chorvachilik sohasidagi salohiyatidan unumli foydalanish, fermer xo‘jaliklarini muayyan yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish, nasldor mollarni olib kelishni jadallashtirish, go‘sht va sutni qayta ishlash, qadoqlash va tayyor mahsulot sifatida realizatsiya qilishni qamrab olgan yaxlit ishlab chiqarish zanjirini yaratish zarurligi qayd etildi.
Agrar tarmoqda ham mahsuldorlikni oshirish, eskirgan va samarasiz bog‘larni bosqichma-bosqich yangilash, eksportbop navlar asosida intensiv bog‘lar barpo etish, zamonaviy sug‘orish usullarini joriy qilish orqali yuqori daromadli tarmoqlarni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda obodonlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish, xonadonlar va ko‘chalar qiyofasini yaxshilash, aholi punktlarini toza, obod va ko‘rkam maskanlarga aylantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, jinoyatchilik, xususan, takroriy huquqbuzarliklarning oldini olish masalasi tanqidiy muhokama qilindi. Har bir jinoyat holatini chuqur tahlil etish, qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, ularni doimiy mehnat bilan ta’minlash va profilaktik tadbirlarni mahallabay tizim asosida tashkil qilish bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Bu yo‘nalishda “mahalla yettiligi” faoliyatini yanada kuchaytirish, har bir xonadon va oila bilan manzilli muloqot olib borish, mavjud muammolarni erta bosqichda aniqlash hamda ularni hamkorlikda bartaraf etish muhimligi ta’kidlandi.
Viloyat hokimi mas’ullarning asosiy vazifasi har bir mahallaning ichki imkoniyatlarini chuqur o‘rganish, mavjud salohiyatni samarali ishga yo‘naltirish, tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash va aholi uchun barqaror daromad manbalarini shakllantirishdan iborat ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish so‘ngida belgilangan chora-tadbirlarni kechiktirmasdan, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, topshiriqlar ijrosini faqat hisobotlar bilan emas, balki erishilgan aniq natijalar asosida baholash hamda Bag‘dodda boshlangan ijobiy jarayonlarni izchil davom ettirish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.






