Vaziyatlar markazi tashkil etildi
2026-08-11 18:30:00 / Yangiliklar

Markaz "Raqamli hokimlik" dasturiy kompleksi asosida faoliyat yuritib, hududdagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tezkor monitoring qilish, turli sohalardagi holat va ko‘rsatkichlarni yagona tizim orqali tahlil etish imkonini beradi.
Ayni paytda tizimga 50 ta tashkilotning 90 ga yaqin axborot tizimi integratsiya qilingan. Ma’lumotlar tegishli tashkilotlarning axborot tizimlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, real vaqt rejimida qabul qilinib, tegishli ko‘rsatkichlar asosida shakllantiriladi.
Markaz orqali iqtisodiyot, investitsiya, kommunal soha, ekologiya, qurilish, ijtimoiy yo‘nalishlar, xavfsizlik hamda murojaatlar bilan ishlash kabi sohalar bo‘yicha joriy holatni onlayn kuzatish va tahlil qilish mumkin.
Bu esa avval turli tashkilotlarga rasmiy so‘rovlar yuborish va ma’lumotlarni bir necha kun kutish talab etilgan jarayonlarni sezilarli darajada tezlashtirib, boshqaruv qarorlarini tezkor va aniq ma’lumotlar asosida qabul qilishga xizmat qiladi.
Markazda, shuningdek, tegishli tashkilotlar vakillari o‘z sohalariga oid jarayonlarni monitoring qilib boradi. Aniqlangan muammo yoki favqulodda holatlar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish imkoniyati yaratilgan.
Viloyat rahbariga ayni jarayonlar tanishtirildi.
Viloyat hokimi markaz faoliyatini takomillashtirish yuzasidan taklif va ko‘rsatmalar berdi.


