Irg‘oli mahallasida lola yetishtirish tajribasi ommalashtirilmoqda
2026-08-11 17:20:00 / Yangiliklar

"Irg‘oli" mahallasida 5 ming 42 nafar aholi istiqomat qiladi, 1 ming 22 ta xonadon mavjud.
Viloyat rahbarining topshirig‘i asosida mahallada lola yetishtirish drayver sifatida rivojlantirilmoqda. Loyiha doirasida 2026–2027-yillarda mahalladagi 50 ta xonadonni lolachilikka ixtisoslashtirish maqsad qilingan. Bunda bir necha yildan buyon hududda Niderlandiya lolalarini yetishtirib, yuqori daromad olib kelayotgan tadbirkor Shuhratjon Xursanovning tajribasidan keng foydalaniladi.
Shuningdek, hududda lolachilik yo‘nalishida laboratoriya, o‘quv markazi va maxsus saqlash omborlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Yosh mutaxassis Xushnudbek Alijonov loyiha doirasida agronom sifatida faoliyat yuritadi.
Dastlab "Har bir oila — tadbirkor" dasturi doirasida 10 ta xonadon tanlab olinib, lola yetishtirish ishlari boshlangan. Kelgusida mahallada mavjud 250 ta issiqxona imkoniyatlarini to‘liq safarbar etish maqsad qilingan.
Loyihani amalga oshirishda xalqaro tajribadan ham samarali foydalanilmoqda. Xususan, Xitoy va qo‘shni Qirg‘izistonda gulchilik sohasida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or tajribalar o‘rganildi.
Issiqxonalarda lola yetishtirish gidroponika usulida amalga oshiriladi. Niderlandiya lolalarini yetishtirish orqali bir sotix maydondan 280–300 million so‘mgacha sof daromad olish imkoniyati yaratiladi.
Mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar ham davom ettirilmoqda. Jumladan, hashar yo‘li bilan ta’mirlangan eski bino negizida tikuvchilik sexi tashkil etildi.
Lider tadbirkor, tikuvchi Dilnoza Muhammadaliyeva rahbarligidagi sexda 20 nafar ishsiz xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi. Kelgusida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tayyor mahsulotlarni eksportga, xususan, Rossiya bozoriga chiqarish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi hududdagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi daromad manbalarini yaratish hamda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Mas’ul rahbarlarga loyihalarni samarali amalga oshirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.






