Aholi daromad manbaini oshirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda
2026-08-08 16:20:00 / Yangiliklar

Bag‘dod tumanida aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirish, mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov "Qo‘shchinor" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. "Mahalla yettiligi" va aholi bilan muloqotda bo‘ldi.
Qo‘shchinor mahallasida 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi bo‘sh turgan yer maydonida yengil konstruksiyali maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va savdo do‘konlaridan iborat obyektlar barpo etilmoqda. Loyiha doirasida 100 dan ortiq kambag‘al oilaga ushbu obyektlardan joy ajratish, ularni turli yo‘nalishlarda daromadli mehnat bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu yerda viloyat hokimiga Bag‘dod tumanida “Dolzarb 40 kunlik” doirasida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va oilaviy daromadlarni oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Mahalladan o‘tgan Katta Farg‘ona kanalida kanoeda va baydarka sport turi rivojlangan bo‘lib, ayni paytda 70 nafardan ziyod yosh ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Yosh sportchilar respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan turli musobaqa va tanlovlarda munosib natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Viloyat hokimi sportchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish, zarur jihozlar olib berish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish va iqtidorli yoshlarning sportdagi natijalarini yanada yuksaltirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.






