Farg‘onada zamonaviy o‘q otish sporti majmuasi foydalanishga topshirildi
2026-07-31 13:25:00 / Yangiliklar

Tantanali ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov, harbiy xizmatchilar, sportchi yoshlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Mudofaa vaziri Sh.Xolmuhammedov Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, xususan, o‘q otish sporti ham tobora ommalashib borayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda hududlarda 116 ta to‘garak tashkil etilgani, sportchilarimiz turli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani e’tirof etildi. Farg‘ona viloyatida ayni paytda 184 nafar yosh mazkur sport turi bilan shug‘ullanib, turli musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani bildirildi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-noyabrda qabul qilingan “O‘q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim o‘rin tutayotgani va sohada zamonaviy infratuzilma yaratilayotgani qayd etildi. Farg‘ona viloyati harbiy-ma’muriy sektori tomonidan barpo etilgan ushbu majmua ham ana shu ezgu ishlarning amaliy ifodasidir.
Majmuani bunyod etish uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Qurilish ishlari “Marg‘ilon binokor ta’mir-qurilish” MCHJ tomonidan qisqa muddatda amalga oshirilib, eng zamonaviy talablarga javob beradigan o‘quv-mashq maskani yaratildi.
Bu yerda harbiy xizmatchilar va sportchilarning merganlik mahoratini oshirishi uchun barcha zarur sharoitlar mavjud. Xususan, 3 ta maxsus o‘quv joyi, nazariy tayyorgarlik sinfi, shuningdek, shaxsiy tarkib uchun maishiy va xizmat xonalari tashkil etilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham barchani yangi sport majmuasi bilan tabriklab, yurtimizda yoshlarni sportga jalb etish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani, mazkur majmua ular uchun katta imkoniyat ekanligini ta’kidladi. O‘q otish sport turlari rivojlanib borayotganligini qayd etib, sportchilarga nufuzli musobaqalarda omad tiladi.
Tadbir doirasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga Mudofaa vazirligining “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” ko‘krak nishoni topshirildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar o‘q otish sporti majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.









