“Quva Agro star” agromajmuasi imkoniyatlari yanada kengaymoqda
2026-07-30 16:10:00 / Yangiliklar

Mazkur agromajmuada yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulot yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishni nazarda tutuvchi yagona zanjirli tizim yaratilgan. Shuningdek, kooperatsiya asosida tomorqa va dehqon xo‘jaliklari hududida kichik sexlarni barpo etish, soha vakillarini o‘qitish, ularni “in-vitro” laboratoriyasida yetishtirilgan sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash hamda tayyor mahsulotlar eksportiga ko‘maklashish tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
“Quva Agro star” korxonasining zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlarida vodiyda pishib yetilgan eng sara mevalar qayta ishlanadi. Jumladan, quritilgan meva hamda boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Uzum mayizga, o‘riklar turshakka aylantirilganida ham ta’mini saqlab qoladi. Chunki bu eng ilg‘or usul va texnologiyalar orqali bajariladi. Qadoqlangan tayyor mahsulotlar esa xorij bozoriga o‘zimizning milliy brend — “Dehkan” nomi ostida eksport qilinmoqda.
Hozirda majmuada tumandagi bog‘bonlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, ularga yangi bog‘larni barpo etish va ko‘chatlarni zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlash sirlari o‘rgatilmoqda.
Bundan tashqari, korxonaga Italiya va Ispaniyadan mevalarni saralash hamda qadoqlashga ixtisoslashgan zamonaviy uskunalar keltirilib, montaj ishlari olib borilmoqda. Majmuada mahsulotlarni shok usulida muzlatish liniyasi ham ishga tushirildi.
Farg‘onada yetishtirilgan sarxil mevalar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga jahon bozorida talab katta. Quva tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida barpo etilayotgan yangi agrologistika markazi viloyatning eksport salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Ayni paytda qiymati 50 million dollar bo‘lgan ushbu yirik loyihani ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Quva tumanidagi o‘rganishlari davomida mazkur markazning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Viloyat rahbari qurilish ishlarini jadallashtirish, loyihani sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.









