Qobulda o‘tkazilgan O‘zbekiston va Afg‘oniston biznes-forumida Farg‘ona viloyati delegatsiyasi ishtirok etdi
2026-07-27 10:35:00 / Yangiliklar

Mazkur yirik iqtisodiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi bilan hamkorlikda yuqori saviyada tashkil etildi.
Forumda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 400 dan ziyod yetakchi tadbirkor va investorlar ishtirok etdi.
Forum ishida, shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi ham faol qatnashdi.
Anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy mazkur biznes-forum ikki tomonlama ishbilarmonlar hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, savdo va eksport geografiyasini kengaytirish hamda sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim va samarali platforma bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham forumda so‘zga chiqib, mazkur biznes forum tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochayotganini ta’kidladi. Farg‘ona viloyatining investitsion salohiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kooperatsion aloqalarni jadallashtirish, ishlab chiqarish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, eksport-import imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar ko‘p ekani qayd etildi.
Viloyat rahbari Farg‘ona viloyatida Afg‘oniston tadbirkorlari ishtirokida biznes forumi o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Tadbir doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida В2В formatidagi uchrashuvlar va muzokaralar tashkil etildi. Unda tomonlar to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Farg‘onalik tadbirkorlar ham ko‘plab kelishuvlarga erishdi.
Muloqotlar yakunida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli kelishuvlar va shartnomalar imzolandi.









