Katta tadbirkorlik kichik ishlab chiqarishdan boshlanadi
2026-07-24 19:50:00 / Yangiliklar
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahridagi Surxtepa mahallasida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Feruza Teshaboyeva xonadonida tashkil etilgan tikuvchilik tarmog‘ini ko‘zdan kechirdi.

Tadbirkor 2015-yildan buyon tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bugungi kunda xonadonida tashkil etilgan kichik korxonada mahallada yashovchi 22 nafar xotin-qiz o‘z ish o‘rniga ega bo‘lgan.
Joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida unga 100 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari ijtimoiy loyihalar doirasida grant mablag‘lari hisobidan zamonaviy tikuv mashinalari bilan ta’minlandi.
Tadbirkor ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga bozorda talab yuqori ekanini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan unga ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishi uchun ssuda mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish choralari belgilandi.




