Farg‘ona-Botken: hududlararo hamkorlik yangi tashabbuslarga undamoqda
2026-07-24 00:30:00 / Yangiliklar

Mazkur ishchi uchrashuv chegaraoldi hududlar aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Dastlab “Hazrat Ali” ziyoratgohida mehmonlarga Shohimardon va Yordon qishloqlarining turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Unda hududda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha rejalar xususida ma’lumot berildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona va Botken o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada faollashib borayotganini qayd etib, birgalikda yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini bildirdi. Ayniqsa, Shohimardon hamda Qadamjoy tumanining Dugoba hududida turizm rivoji uchun katta salohiyat borligi aytib o‘tildi. Xususan, Shohimardon-Dugoba yo‘nalishida erkin turistik zona tashkil etish, ikki tomonlama sayyohlar oqimini ko‘paytirish va dam oluvchilar uchun xalqaro talablarga mos qulay sharoitlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.
"Hazrat Ali" ziyoratgohida Qur’on tilovat qilinib, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, xalqlarimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida duolar qilindi.






