Farg‘onalik yoshlar Germaniyada o’qib, ishlay oladi
2026-07-17 10:10:00 / Yangiliklar

Marg‘ilon shahar 4-son texnikumida mazkur dastur doirasida tahsil olayotgan uch nafar o‘quvchi saralash bosqichlarini muvaffaqiyatli yakunlab, Germaniya Federativ Respublikasida kasbiy ta’limni davom ettirish bilan birga mehnat faoliyatini boshlash huquqini qo‘lga kiritdi.
Mazkur natijalar viloyatda xalqaro hamkorlik asosida malakali kadrlar tayyorlash va yoshlarning rivojlangan davlatlarda kafolatlangan yuqori daromadli ish bilan bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning 15–17-iyul kunlari ushbu texnikumning 40 nafar o‘quvchisi V1 darajadagi ÖSD til sertifikati uchun imtihon topshirmoqda. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar Germaniyada Ausbildung dasturi asosida kasbiy ta’lim olish va ishlash huquqini qo‘lga kiritadilar.
Ma’lumot uchun: bu dastur Germaniyaning “Ausbildung” dual ta’lim tizimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda nazariy bilimlar texnikumda, amaliy ko‘nikmalar esa korxonalarda shakllantiriladi.
O‘qish muddati uch yilni tashkil etadi: birinchi yil O‘zbekistonda nemis tili va asosiy fanlar bo‘yicha tayyorgarlik ko‘riladi, qolgan ikki yil esa Germaniyada to‘liq dual ta’lim jarayoni davom ettiriladi.
Birinchi kurs yakunida nemis tilidan B1 darajasidagi ÖSD sertifikatini olish shart hisoblanadi. O‘qish davomida talabalarga oyiga 600 yevrodan boshlanadigan stipendiya to‘lanadi, dasturni muvaffaqiyatli tamomlagach esa Germaniyaning rasmiy diplomi va u yerda ishlash huquqi beriladi.
Dastur bo‘yicha talabalar beshta asosiy kasb – elektrotexnika (elektromontyor), qurilish texnologiyalari (qurilish texnikasi ustasi), logistika ombor logistikasi mutaxassisi yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tadi. Hozirga qadar respublika bo‘yicha oltita texnikumda – Toshkent transport texnikumi, Buxoro transport va qurilish texnologiyalari texnikumi, Samarqand shahridagi 2- va 3-son politexnikumlar, Xorazm qurilish va kommunal xo‘jaligi texnikumi hamda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘ilon qurilish va kommunal xo‘jaligi texnikumida (4-son texnikum) – mazkur loyiha faoliyat yuritmoqda.
Marg‘ilon texnikumi bu borada yetakchi o‘rinlardan birini egallab, unda pedagogik kadrlarning malakasi muntazam ravishda oshirib borilmoqda.
Ushbu loyihaning strategik ahamiyati shundaki, u nafaqat yoshlarga jahon andozalariga mos bilim va ko‘nikmalar beradi, balki ularning rivojlangan davlatda kafolatlangan yuqori daromadli ish bilan bandligini ta’minlaydi. Shuningdek, bu Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi kasbiy ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.




