Farg‘onada zamonaviy Gimnastika markazi foydalanishga topshirildi
2026-07-16 15:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, sport sohasi vakillari, murabbiylar, sportchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Sport vaziri Adham Ikramov mamlakatimizda Prezident rahbarligida jismoniy tarbiya va sport sohasini izchil rivojlantirish, yoshlar uchun zamonaviy sport infratuzilmasini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar.
Yangi markaz nafaqat Farg‘ona viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysida gimnastika sport turlarini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash va professional zaxirani tayyorlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston xalqaro maydonda munosib natijalarga erishayotgani, mazkur markaz ham yangi chempionlarni tarbiyalashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Sport maskani xalqaro talablar asosida barpo etildi. Loyihaning birinchi bosqichida 174 o‘rinli yotoqxona, 100 o‘rinli oshxona qurilib, gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi kapital ta’mirlandi. Bu ishlar uchun 67 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bunyodkorlik ishlarida "O‘zavtosanoat" AJning ko‘magi katta bo‘ldi.
Bir vaqtning o‘zida 150 nafar sportchining mashg‘ulot o‘tashi uchun bu yerda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Markaz Sport vazirligi tomonidan 91 turdagi zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlandi.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida gimnastika sport turlari bilan qariyb 4 ming nafar yosh muntazam shug‘ullanmoqda. Ularga 100 nafardan ortiq malakali murabbiy ta’lim bermoqda. Shuningdek, viloyatda O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun 60 nafarga yaqin sportchi tayyorlangan.
Tadbirda Gimnastika markaziga Prezident sovg‘asi - yangi avtobus tantanali ravishda topshirildi.
Ota-onalar nomidan so‘zga chiqqanlar yosh avlodning jismonan sog‘lom va barkamol voyaga yetishi, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorchilik izhor etdilar.
Tadbir yakunida ramziy lenta qirqilib, ishtirokchilar yangi markazda sportchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.









