Malayziya kompaniyasi bilan investitsiya loyihalari amalga oshiriladi
2026-07-13 12:45:00 / Yangiliklar
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Malayziyaning "Orientex Synergy Sdn Bhd" kompaniyasi bosh direktori Mohd Hafiz bin Sharifuddin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Mazkur tashrif joriy yilning 1–3-iyun kunlari viloyat hokimining Malayziyaga amaliy tashrifi davomida ushbu kompaniya bilan Farg‘ona viloyatida zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi bo‘ldi. Uchrashuvda mazkur yo‘nalishda hamkorlikni boshlash masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Malayziyaning qurilish sohasidagi ilg‘or tajribasini yuqori baholab, bugungi kunda O‘zbekistonda, xususan, Farg‘ona viloyatida qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilayotgani, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar keng ko‘lamda barpo etilayotganini ta’kidladi.
Malayziyalik investorlar tashrifdan asosiy maqsad viloyatda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, istiqbolli loyihalarni o‘rganish va hamkorlik imkoniyatlarini jadallashtirish ekanini bildirdi.
Uchrashuvda delegatsiyaning qurilish uchun taklif etilayotgan yer maydonlari, renovatsiya dasturi doirasidagi hududlar va zamonaviy turar-joy majmualari bilan tanishishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi, ularga mas’ullar biriktirilishi hamda qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.


