Quvasoyda imkoniyatlar faol ishga solinadi
2026-07-04 13:40:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Quvasoy shahrining 31 ta mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan kompleks o‘rganishlar natijalari, aniqlangan muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat hokimi barcha rahbar va mutasaddilar har bir topshiriq ijrosini quyi bo‘g‘ingacha to‘liq ta’minlashi, tashabbuskorlik, bilim va fidoyilik bilan ishlashi lozimligini ta’kidladi. Bu jarayonlarda mas’uliyatsizlik qilayotganlarga tegishli tartibda jazo choralari ko‘rilishi aytib o‘tildi.
Quvasoy shahri sanoat, qishloq xo‘jaligi va tomorqa xo‘jaliklari bo‘yicha katta salohiyatga ega bo‘lishiga qaramasdan, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganiga e’tibor qaratildi. Xususan, mahallalarni ixtisoslashtirish ishlari sust kechayotgani, lider tadbirkorlar bilan hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.
Muhokamalar davomida mebelchilikni rivojlantirish, zamonaviy issiqxonalar tashkil etish, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, ejevika, malina va golubika kabi yuqori daromadli ekinlarni yetishtirish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar tayyorlash orqali mahallalar ixtisoslashuvini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Ziynat, Hamid Olimjon va Yoshlik mahallalarida kambag‘allik darajasi yuqoriligi alohida tanqid qilinib, mahalla mas’ullari ishtirokida muammolarning sabablarini bartaraf etish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Yig‘ilishda investitsiyalar hajmini oshirish, turizmni rivojlantirish, qurilish, kommunal va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Shu bilan birga, jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarda barqaror ijtimoiy muhitni ta’minlash yuzasidan ham tegishli topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimi Quvasoyni Farg‘ona viloyatining iqtisodiy transformatsiya hududiga aylantirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Bu borada shaharni viloyatning ikkinchi sanoat markaziga, agroinnovatsiyalar va turizmning yetakchi nuqtalaridan biriga aylantirish, qishloq xo‘jaligida Agrotexpark tashkil etish, intensiv bog‘lar va zamonaviy sabzavotchilik loyihalarini amalga oshirish, sanoat zonalariga yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish hamda har bir mahallada iqtisodiy “drayver” va kichik sanoat zonalarini shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda Quvasoyda mavjud ulkan iqtisodiy salohiyatni to‘liq ishga solish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish orqali shaharni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish asosiy maqsad sifatida belgilandi.






