Oltiariqda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-07-02 15:30:00 / Yangiliklar

Dastlab markazda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. O‘tgan yilda foydalanishga topshirilgan 200 o‘rinli mazkur Yoshlar markazi yurtimiz kelajagi bo‘lgan yigit-qizlarning bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi, sport va madaniyat yo‘nalishlarida o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Loyihani amalga oshirish uchun “Tashabbusli budjet” hamda homiylik mablag‘lari hisobidan jami 1 milliard 800 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Viloyat hokimi oltiariqlik oliy va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchi yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, zamonaviy kasb va mutaxassisliklarni egallashi, tadbirkorlikka jalb etilishi hamda iqtidorini ro‘yobga chiqarishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim shakllangani ta’kidlandi.
Shuningdek, yaqinda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida ilgari surilgan muhim tashabbuslar va yangi imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Muloqot davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimi har bir murojaatni atroflicha o‘rganish va amaliy yechimini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Viloyat hokimi shu yerda tumanda faoliyat yuritayotgan 69 nafar yoshlar yetakchisi bilan muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, iqtidor va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida yoshlar yetakchilari zimmasida turgan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.









