Dilafruzxon Jo‘raboyeva — Farg‘ona faxri
2026-06-30 18:40:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida Dilafruzxon Jo‘raboyevaga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan viloyat hokimligining tashakkurnomasi hamda pul mukofoti tantanali ravishda topshirildi.
Dilafruzxon Jo‘raboyeva 2024-yilda Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi ilk ambassadori sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, u AQSHning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Rice universitetiga 420 ming dollar miqdoridagi to‘liq grant asosida qabul qilinib, mazkur universitetda tahsil olayotgan ilk o‘zbekistonlik talabaga aylangan.
2026-yilda esa u mamlakatimizning eng yuksak e’tiroflaridan biri hisoblangan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Erkin dasturiy ta’minot muhandisi, shuningdek, MehrGO loyihasi asoschisi sifatida Dilafruzxon Jo‘raboyeva xalqaro tanlov va loyihalarda ham faol ishtirok etib, qator nufuzli yutuq va sovrinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Dilafruzxon Jo‘raboyevaning erishgan yuqori natijalari, xalqaro ta’lim maydonidagi muvaffaqiyatlari hamda yetakchilik salohiyati minglab yoshlar, ayniqsa, qizlar uchun munosib namuna ekanini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, uning kamoloti va yutuqlarida munosib hissa qo‘shgan ota-onasi hamda ustozlariga samimiy minnatdorlik izhor etildi.






